Registon maydoni

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

Registon maydoni shaharning diqqatga sazovor muhim joylaridan biri bo‘lib, qadimiy, ammo hamisha navqiron shaharsozlik ansambli sifatida butun dunyoga dongi ketgan. Uni uchta qudratli maqbara binosi qurshab olgan bo‘lib, har biri alohida noyob bezak bilan pardozlangan. Sharq me’morchiligining ajoyib namunasi sifatida Samarqand YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

 

Agar tarix zarvaraqlariga murojaat qilsak, Registon dastavval qumlik joydan iborat bo‘lgan, uning nomi ham ana shundan kelib chiqqan emish. Uning yon-tevaragidagi qurilishlarga kelsak, dastavval ular ham bo‘lmagan. Maydonga hukmdorning farmonlari va boshqa e’lonlarni ovoza qilish uchun shunchaki aholini to‘plashgan. Shuningdek, maydonda bayramlar o‘tkazish, jazo choralarini qo‘llash, armiyaga soliq yig‘ish kabi turli tadbirlar ham o‘tkazilgan.
 

Tirikchilik ehtiyoji yuzasidan hunarmandlar o‘z qo‘l mehnati bilan yaratgan buyumlarini sotish uchun maydonda savdo nuqtalarini tashkil qila boshlaganlar. Yillar o‘tgani sari shaharga yetti iqlimdan savdogarlar tashrifi ko‘payib borgan va natijada Registon maydoni qizg‘in savdo-sotiq va jonli muloqot markaziga aylangan.


Ayni paytda maydonda uchta inshoot, ya’ni Ulug‘bek madrasasi (Ulug‘bek davrida barpo etilgan, qurilish 1420 yilda yakuniga yetkazilgan), Sher-Dor madrasasi (Samarqand amiri Yalangto‘sh Bahodir tomonidan barpo etilgan, 1636 yilda qurib bitkazilgan) va Tilla-Qori madrasasi (Yalangto‘sh Bahodir tomonidan qurlishi boshlanib, 1660 yilda nihoyasiga yetkazilgan).


Ko‘p yillar mobaynida Samarqand talay qonli to‘qnashuvlarga boy ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirdi. Bunday talofatlar me’morchilik yodgorliklariga ham salbiy ta’sir o‘tkazmay qo‘ymadi. Sho‘rolar davrida madrasalar faoliyati to‘xtatilib, qudratli binolar ham buzulish arafasida turardi. Aynan shu davrda Registonning ilk go‘zal qiyofasini qayta tiklashga qaratilgan ishlarni o‘tkazishga doir qaror qabul qilinadi. Maydoning bugungi qiyofasi – qayta tiklovchi mutaxassislarning beqiyos mehnatlari mahsulidir. Bugungi kunda maydonda turli bayram va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Yil sayin Samarqandga butun sayyoramizdan son-sanoqsiz sayyohlar tashrif buyurib, Sharq arxitekturasining asl namoyondasi bo‘lmish Registon maydoni bag‘ridagi asrlardan so‘zlaguvchi obidalar chiroyidan bahramand bo‘ladilar.