Mustaqillik maydoni

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

Toshkent – Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va muhtasham shaharlardan biri. Asrlar qa’ridan sado beruvchi shaharsozlik namunalari bugungacha o‘z aslini saqlab qolgan. Mustaqillik maydoni esa O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin barpo etilgan eng tabarruk qadamjolardan biridir. Toshkent shahrining yuzaga kelishi IXX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 1865 yillarda shaharning ilk binolari qad rostlay boshlagan. O‘sha davrda “Anhor” bo‘yidagi Turkiston general-gubernatorining “Oq uy” nomli saroyi mavjud edi.

 

Mustaqillik maydonidagi yana bir o‘ziga xos tarzda barpo etilgan inshootlardan yana biri, bu - Ezgulik arkasidir. Arkaning baland va mustahkam ustunlari -  mustaqil mamlakatimizning baquvvat tayanchlari timsoli hisoblanadi. Ezgulik arkasining uzunligi 150 metr bo‘lib, ikki tomoni 10 metr, o‘rta peshtoqi 12 metr balandlikka ega, qator ketgan o‘n oltita oq marmar ustunlardan iborat muazzam me’moriy mo‘’jizadir. Ezgulik arkasi o‘zbekistonliklarning aziz va muqaddas timsoliga aylangan. Shu bois mazkur ostonadan o‘tgan har kishi qalbi shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari bilan to‘lsa ajab emas.

 

Mustaqillik maydonida qad rostlagan yana bir monument, ya’ni farzandini bag‘riga bosib turgan Baxtiyor ona siymosi joy oldi. Baxtiyor ona haykalining o‘rnatilishi maydon me’moriy yechimidagi o‘ziga xos yutuq bo‘ldi. Bu badiiy majmua so‘zsiz o‘zbek xalqining sha’nu shavkati, g‘urur-iftixori, milliy davlatchiligi timsollaridan biriga aylandi. Ona sayyora va Baxtiyor Ona! Ushbu ramzlarda teran ma’no mujassam. Ularning har ikkisi ham tiriklik va abadiyat timsolidir. Onalarning eng ulug‘ niyati nima? Ona zaminimiz tinch bo‘lsa, farzandlar sog‘-salomat ulg‘aysa. Ona uchun bundan ortiq baxt bormi! Baxtiyor ona yuz-ko‘zlarida shunday tilak va niyatlar balqib turibdi. 

 

Bu yerda bugungi tinch hayot, musaffo osmon, to‘kinlik va farovonlikka qanday og‘ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani hayoldan o‘tadi. Sobiq mustabid tuzum davridagi o‘zbek tili, diniga bo‘lgan tajovuzlar, ulug‘ ajdodlarning muqaddas hoklari oyoqosti qilingani, milliy g‘urur, insoniylik sha’ni, urf-odatlar toptalgani yodga olinadi. O‘zbekistonlik ota-bobolar qalbiga alam va azob solgan o‘sha mash’um xotiralar yosh avlodni Mustaqillik, deya atalmish aziz ne’matning, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishga chorlaydi. Istiqlolning buyuk mohiyati, saxovatli bu muqaddas zaminda yashaydigan o‘zbekistonliklar hayotida tutgan o‘rni, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotida, ongu tafakkurida olamshumul o‘zgarishlar sarchashmasi bo‘lganini yanada teran anglashga undaydi.