Nodir Devonbegi madrasasi

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

Nodir Devonbegi madrasasi naqshbandiya tariqatining yirik vakillaridan biri, buyuk nazariyotchi va nufuzli shayx Xoja Ubaydulloh Ahror ziyoratgohiga yaqin joylashgan bo‘lib, hijriy 1040 (melodiy 1631) yil ashtarxoniylar sulolasining namoyandasi Subhonqulixon saltanati davrida, Nodirbiy Tog‘ay nomi bilan tanilgan Nodir Mirzo Tog‘ay ibn Sulton Arlot tomonidan qurilgan. 

 

Bu madrasa Xoja Ahror xonaqosi yonida joylashganligi bois, xalq orasida “Xoja Ahror madrasasi” deb ham yuritiladi. Mazkur madrasaning Xoja Ahrori Valiy xonaqosining yonida barpo qilinishini Nodir Mirzo Tog‘ay ibn Sultonning Xojaga bo‘lgan cheksiz hurmati belgisi, deb tushunish mumkin.

 

Nodir devonbegi madrasasi loyihasini ishlashda Registonning Sherdor madrasasi binosi ko‘rinishidan ijodiy foydalanilgan. “Ikkinchi Sherdor” madrasasi (xalq orasida shunday deb yuritiladi) 1978 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Abdug‘affor Haqqulov tashabbusi hamda rahbarligi ostida qayta ta’mirlangan. Madrasa peshtoqidagi sher suratining aks ettirilishi, katta hovlining chetlaridagi hujralarning joylashishi Registondagi Sherdor madrasasining nusxasini takrorlaydi va undan farqli o‘laroq, bu yerda minoralar yo‘q.

 

Madrasa bir qavatli qurilgan bo‘lib, XVI-XVII asrlarda keng tarqalgan hashamatli va sharqona to‘rt ayvonlilik usulida bunyod etilgan. Madrasaning peshtoqida qurilishning boshlanish vaqtini ko‘rsatuvchi yozuvlar bitilgan. Ular naqsh bezaklari bilan uyg‘unlashib ketgan. Bu yozuvlarni naqshlar bilan hashamatlashtirish Xoja Hoshim va muhandis-quruvchi Do‘stmuhammadlar ijodi va bezak san’atining namunasidir. Madrasa katta masjid, darsxona vazifasini o‘tagan zaldan, to‘rtta darsxona va 28 ta hujralardan iborat. Katta zal ustida hashamatli gumbaz mavjud.