Zangi ota maqbarasi

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

Toshkent shahrining G‘arbida Zangi ota nomli ajib bir qishloq bor. Bu yerda mashhur Zangi ota maqbarasi bunyod etilgan. Bu yerga shayx Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja dafn etilgan. “Zangi” nomi u kishi qora tanli bo‘lgani uchun berilgan emish. 
 

Zangi ota hazratlari Markaziy Osiyo mintaqasida ІX–XІІ asrlarda yuz bergan ilk Sharq Uyg‘onish davrining namoyandasi, o‘z zamonida hikmat va ma’naviyat, din va tasavvuf rivojiga katta hissa qo‘shgan mutasavvif va avliyo ajdodlarimizdan biridir. Rivoyatlarda yozilishicha, Oyxoja ibn Tojxojaning yoshlik yillari Osiyodagi eng yirik shaharlardan biri – Binket (hozirgi Toshkent)da kechgan. U kishi 1258 yilgacha, ya’ni vafotiga qadar qariyb qirq yil davomida Anbar ona bilan birga shu qishloqda yashagan. Juda ko‘plab odamlarga – oddiy dehqonlardan tortib turli darajadagi hukmdorlarga ham diniy-ma’naviy yo‘nalishda ustozlik qilganlar. Vafotidan so‘ng u zotning mozori faqat mahalliy emas, balki olis mintaqalardan keladigan kishilar uchun ham qutlug‘ ziyoratgohga aylangan.

 

Shu tariqa Zangi ota mozori ustida ziyoratgoh ko‘rinishidagi dastlabki kamtarona yodgorlik paydo bo‘lgan va keyinchalik nafaqat ziyoratgoh, balki u joylashgan qishloq ham Zangi ota nomi bilan atalgan. Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, Amir Temur Yassi qo‘rg‘onida Ahmad Yassaviy hazratlariga maqbara qurish harakatini boshlaganida nima uchundir ish hadeganda yurishavermagan. Bu holning sababini bilolmay, hayron bo‘lib yurganida bir kechasi tushiga nuroniy bir zot kirib, Yassaviyga maqbara qurishdan oldin Zangi otaning qabrini obod qilishi kerakligini aytadi. Shunda Amir Temur Zangi ota ruhini shod etish uchun maqbara tiklashga kirishadi. Bu muhtasham yodgorlik majmuining qurilishi 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek tomonidan tugallanadi.

 

Zangi ota ziyoratgohi Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari uchun tabarruk maskan hisoblanadi. Bu tarixiy-me’moriy majmuaga har kuni besh ming nafardan ziyod ziyoratchi va sayyoh kelayotgani fikrimizni tasdiqlaydi. Ziyoratchilar orasida olis xorijiy mamlakatlardan kelgan sayyohlarning borligi ham diqqatga sazovordir.
 

Zangi ota maqbarasi dastlab ikki xonali sodda imorat – ziyoratxona va hilxonadan iborat bo‘lib, peshtoq va bezaklari bo‘lmagan. Xonalarning devori ravoqli chorsi asosdan burchaklardagi ravoqli bag‘al gumbaz bilan bog‘langan. Hosil bo‘lgan sakkiz qirrali asos ustiga o‘rnatilgan gumbazlarning kattaligi har xil bo‘lgan. Xonalarga darcha va tobdonlar orqali yorug‘lik tushgan. Go‘rxonadagi oq marmardan ishlangan qabrtosh, ayniqsa, diqqatni tortadi. Toshga g‘oyatda mohirlik bilan nafis o‘yma naqsh va arabiy xatlar bitilgan. Qabr shakli va naqshlardagi uslub uning qadimiyligidan dalolat beradi. Anbar ona maqbarasi Zangi ota majmuasi tarkibida bo‘lib, Zangi ota maqbarasining janubi-g‘arbida joylashgan. U peshtoq, ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Uning usti qo‘shqavat gumbazli, qubbali toshdan, kichik doira shaklida yasalgan. Maqbaraga oq marmardan qabrtosh qo‘yilgan. Uning tevarak-sirtiga arabiy xatlar va nafis naqshlar o‘yilgan.

 

Rivoyatlarda, Zangiota cho‘ponlarning piri – «avliyo» qiyofasida gavdalanadi. Zangiota Ahmad Yassaviyning muridi, so‘fiy shoir Sulaymon Hakim Boqirg‘oniyning shogirdi bo‘lgan. Zangiotaning butun hayoti Movarounnahr xalqlari eng og‘ir va dahshatli sharoitda yashagan davrga to‘g‘ri keladi. Zotan, XIII asrning 20-yillarida mo‘g‘ul istilochilari mamlakatning eng yirik shahar-qishloqlarini xonavayron qiladilar. Xalqni qullik iskanjasiga soladilar. Shunday og‘ir bir paytda Zangi ota va uning shogirdlari xalq ommasini qahramonlik, vatanparvarlik, mehr-shafqat kabi eng oliy umuminsoniy g‘oyalar bilan oziqlantiradi. Uning bu xizmatlari vaqti kelib Amir Temur tomonidan munosib taqdirlanadi. Zangi otaning qabri ustida muhtasham maqbara qad rostlaydi.

 

Mustaqillik yillari Zangiota me’moriy majmui o‘zgacha chiroy ochdi. Qabriston g‘isht bilan sharqona usulda qayta o‘raldi, ark qurildi. Ta’mirtalab bo‘lib yotgan Anbar bibi yodgorligi asliga keltirildi. Qabriston ichidagi yodgorlikning 150 metr yo‘lagiga shaklli g‘ishtlar yotqizildi. Masjid hovuzi atrofi ta’mirlanib, beshta supa qurildi. Ayniqsa, muhtasham mehmonxonaning bunyod etilishi ziyoratchilar uchun yaxshi sovg‘a bo‘ldi. Majmua yongisida tashkil etilgan do‘konlar qatorida mo‘’jazgina nonvoyxona bo‘lib, ziyoratchilar yoki sayyohlar mazasai betakror asl Zangi ota patiridan bahramand bo‘lishlari mukin. Usta nonpaz esa qiziquvchilarga o‘rtasida “Zangi ota” yozuvi tushurilgan xushbo‘y non tayyorlash sirlarini namoyish etishdan charchamaydi.