Somoniylar maqbarasi

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

O‘rta Osiyoda Somoniylar davri me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan bu tarixiy obida Ismoil Somoniy tomonidan bunyod etilgan. Ismoil Somoniy Buxoroda Somoniylar davlatiga asos solgan yirik siyosiy arbob hisoblanadi. U 848-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan, 874-yilda somoniylarning Buxorodagi noibi, 888-yildan esa butun Movarounnahrga hokim bo‘lgan.

 

Ismoil Somoniy markaziy hokimiyatni mustahkamlash siyosatini olib borib, turli yerlardan ulamolar, adiblar, usta va hunarmandlarni Buxoroga to‘plagan. Madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan. Bag‘dod xalifalaridan ibrat olib, o‘ziga ulkan maqbara qurdirgan. 893-yilda Tarozga yurish qilib shimoliy chegaralarni mustahkamlagan. 900-yilda Movarounnahr va Xurosonni birlashtirgan.

 

Ismoil Somoniy maqbarasi jahon me’morchilik va binokorlik maktablarining noyob asari hisoblanadi. Tengi yo‘q bu arxitekturaviy yodgorlikni arxitektorlar va binokorlar faxr bilan tilga oladilar, tarixchilar yaratilishini o‘rganadilar, san’at ahli esa uning tasvirlarini turli xil buyumlarda sevib aks ettiradilar. Ismoil Somoniy maqbarasi IX asrda Buxoroda me’morchilik san’ati, binokorlik texnikasining naqadar yuksalganligini va rivojlanganligini ko‘rsatadi. Ana o‘sha davrdan boshlab binokorlikda yuqori sifatli pishgan g‘isht, albastrli qorishmalar ishlatilgan.