Buxoro

Qadamjolar

Hilton
user

Damda.uz

BUXORO – QADIMIY ShARQNING NOYOB GAVHARI 

Buxoro eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, YuNESKOning Butunjahon me’moriy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Turli davrlarda bunyod etilgan nafis san’at va me’morchilik durdonlaridan iborat shahar 1997 yilda o‘zining 2500 yilligini nishonladi. Buxoroning tarixi eramizdan avvalgi birinchi asrlarga borib taqaladi. Aynan shu davrda shaharga muqim yashovchilar ko‘chib kela boshlashgan. Eramizdan avvalgi VI-VII asrlarda shaharda shiddatli taraqqiyot davri qizg‘in tus olgan.

Bugungi Buxoro shahri boshqa shaharlarga nisbatan shubha yo‘qki nisbatan katta ustunlikka ega: jumladan o‘zga joylarning tarixiy hududi faqat qadimiy obidalardan iborat bo‘lib, mahalliy millat vakillari yashamagani bois Ochiq osmon ostidagi muzey tarzida e’tirof etilsa, Buxoroi Sharifda hozirda shahar ahli bir necha asrlar ilgarigiday o‘ziga xos turmush tarzini o‘tkazmoqdalar. O‘z o‘rnida bu sayyohlar uchun qisman bo‘lsada, bu muqaddas dargohning o‘lmas o‘tmishini hayolan tasavvur qilishga imkon beradi. Uning zamonaviy qismida davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan. 2500 yillik tarixga ega Buxoroning ilonizi ko‘chalarida zavq bilan kezishingiz va albatta moviy rang gumbazli hashamatli imoratlar hamda pastqam loysuvoq uylardagi turmush tarzining o‘zgacha qiyofasidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Qadimiy arxitektura yodgorliklari shamol yoki dovullar, yomg‘ir yoki qorlarga, zilzila-yu dushmanlar tomonidan otilgan zamabark o‘qlariga ham bardosh berib, necha yuz yillardan buyon qad ko‘tarib, salobat to‘kib turibdi.

Tarixchi olimlarning nuqtai nazariga binoan, Buxoro sanskritcha “vixara” so‘zidan olingan bo‘lib, “qal’a” ma’nosini bildirar ekan. Qadimiy shaharning bugungacha saqlanib qolgan ko‘chalari o‘rta asr Sharqida butun olamga dong‘i ketgan buyuk ulamolar yashab o‘tganligidan dalolat beradi. Agar hayolan tasavvur qilishga urunsak, turli sharqiy tillarda aks-sado berayotgan minglagan ovozlarni, ustaxonalardan jaranglayotgan hunarmandlarning taq-tuqlarini, gul bozoridagi shirin hangomalarni beixtiyor tinglagandek bo‘lamiz. Bugungi Buxoro ham qadimgidek sayyohlar uchun sergavjum shahar bo‘lib, faqat endilikda har-xil G‘arb tillarida so‘zlayotgan horijliklar va tarjimonlarni, maftunkor mehmonxonalarni, Sharq milliy me’morchilik san’atini zamonaviy bunyodkorlik uslublari bilan uyg‘unlashtirgan go‘zal inshootlarni ko‘rish mumkin.

Ma’lumki, Sharq shaharlari o‘zining sergavjum bozorlari bilan mashhur va Buxoro ham bundan mustasno emas. Axir u qadimda karvon yo‘llarini birlashtirgan savdo markazlaridan biri bo‘lib, Buyuk ipak yo‘lining savdogarlari bu tabarruk makonga kirmay o‘tishmagan. Labi Hovuz majmuasi qadimda yirik savdo maydonlaridan biri bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday e’tirofga sazovor. Bu yerga sayyohlargina emas, balki boshqa shaharlarning aholisi kabi mahalliy turg‘unlar ham muntazam tashrif buyuradilar. Xuddi shu yerda xalq amaliy san’ati namoyondalari va hunarmandlar betakror mehnati mahsulining yarmarkasi hamda xalqaro madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Shaharning yana bir ahamiyatga sazovor jihati oq, qizil, pushti, sariq rangli atirgullardan iborat, ko‘zni qamashtiradigan klumbalarning ko‘pligidadir. Buxoroga tashrif buyuruvchilarning birontasi milliy do‘ppi, sopol idishlar yoki buyumlar, temirchilar yasagan ro‘zg‘or anjomlari, tuproqdan yasalgan qo‘g‘irchoqlar kabi turli-tuman sovg‘alarni xarid qilmasdan bu shahardan quruq qo‘l qaytishmadi. Shaharda deyarli har qadamda uchraydigan muzeylar va o‘tgan yuz yilliklardan boxabar, yoshi bir necha asrlarga borib taqaladigan ko‘hna daraxtlar bisyor. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Buxoro amirining yozgi qarorgohi katta muzeyga aylantirilgan bo‘lib, unda XIX-XX asrlarda Yevropa va Osiyo mamlakatlaridan keltirilgan buyumlar joy egallagan.

 

Diqqatga sazovor qadamjolar.

Shuni eslatib o‘tish kerakki, Buxoroi Sharifda sayyohlar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan qadamjolar son-sanoqsiz. Barcha me’morchilik yodgorliklari bilan tanishib chiqish uchun bir necha kun kerak bo‘ladi. Zero eski shaharda o‘rta asrlarga aloqador 140 taga yaqin katta me’morchilik obidalari mavjud. Biz sizni imkon qadar ularning orasidan ko‘rishingiz shart bo‘lganlari bilan tanishtirmoqchimiz.

 

Minorai Kalon:

Katta Minora arxitektura yodgorligi qoraxoniylar davlatchilgining Movarounnahrdagi amiri Arslon Bug‘roxon ko‘rsatmasi bilan qad rostlagan. Uning balandligi 50 metrga yaqin bo‘lib, aylanma bo‘yicha eni 9 metr bo‘lib, o‘sha davrda mintaqamizdagi baland minora hisoblangan. Minoraning xuddi sallaga o‘xshagan tepa qismi murakkab o‘ymakorlik uslubida bezatilgan. Minora ichidagi 104 ta aylanmali zinapoya g‘ishtdan terilgan. Kichik darchalardan bugungi Buxoroning asl manzarasini bemalol imkoni bor. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zinapoya orqali ko‘tarilasiz. O‘sha davrlarda bu minoradan turib azon aytilib, aholi namozga chaqirilgan. Buxoroliklar uchun u o‘ziga xos mayoq vazifasini ham o‘tagan.

 

Govkushon madrasasi:

Mazkur majmua XVI asrda, ya’ni Shayboniylar hukmronlik qilgan davrda qurilgan. Avvallari bu yerda mol bozori, qushxona va shu nomli mahalla bo‘lgan emish. Bu shahar markazidagi eng yirik qadamjolardan biri bo‘lib, uning tarkibiga madrasa, masjid va minora kirgan. Madrasa va masjid qoq markazidan o‘tgan ariqni Shohrud deb nomlashgan, yillar silsilasi davrida u ko‘milib ketgan. Me’morlar bu imoratning naqshinkor bezatilishi, bo‘yoqlar uyg‘unligida ona tabiat go‘zalligini nazarda tutib ishlashni o‘z oldilariga asosiy maqsad qilib qo‘yishadi. Madrasadagi ikki qavatli hamda bir qavatli hujralar va hatto mezana yuksak did bilan pardozlangan. 20 metrli minoraga esa masjid tomidagi maxsus ko‘prikdan foydalanib o‘tiladi. Govkushon madrasasi ayniqsa mustaqilligimiz yillarida ajoyib obod maskanga aylantirildi. Ta’mirtalab qismlari sifatli ta’mirdan chiqarildi. Hovli va yon-tevaragi ko‘kalamzorlashtirilib, manzarali daraxtlar ekildi. Endilikda bu qadamjo sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan tabarruk tarixiy makonlardan biriga aylandi.

 

Labi Hovuz majmuasi:

Qadimda ham (1620 yillarda) xuddi hozirgi kabi Labi Hovuz majmuasi Buxoro jamoatchiligining sergavjum markazlaridan bo‘lib, maydonda kichik savdo maydonchalari, go‘zallik koshonalari, umumiy ovqatlanish va dam olib, hordiq chiqarish nuqtalari, hammomlar qizg‘in faoliyat yuritgan. Dastavval bozor maydoni bo‘lgan xolos. Keyinchalik maydon o‘rtasidan sun’iy hovuz qazdirilgan. Atroflari sinchlar bilan mustahkamlangan.Toza saqlangan hovuz suvidan asosan ichimlik suvi sifatida foydalanilgan. Hovuz yon-tevaragida biri biriga o‘xshamagan naqshinkor imoratlar qad rostlagan. Jumladan, hovuzning sharqida Nodir Devonbegi , shimolida Ko‘kaldosh va Ernazar elchi madrasalari (hozirgacha saqlanmagan) bunyod etilgan. Bugun ham Labi Hovuz majmuasi kabi dunyoning yetti iqlimidan ziyoratga kelayotgan mehmonlarning ham eng sevimli maskanlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

 

Nodir Devonbegi madrasasi:

Bu nodir imorat XVII asrda qad rostlagan. Ushbu ajoyib obidaning barpo etilishiga Samarqanddagi Sherdor majmuasi turtki bo‘lgan. Ular o‘rtasidagi yagona tafovut binoga kiraverishdagi arkda bo‘lib, Buxoroda afsonaviy qushlarning rasmi chizdirilgan. Madrasani qurishga ko‘rsatma bergan shaxs hurmati uchun shunday nom berilgan. Obida yaltiratilgan sopol buyumlar va sof chinnili koshinlardan mohirona foydalanilgan holda bezatilgan. Mana shu imoratning peshtoqidagina Semurg‘ qushi va inson chehrasining aksi tushurilgan quyoshni ko‘rishingiz mumkin. Jazirama issiq kunlarda obidaning bejirim hovlisida siz milliy cholg‘u asboblaridan iborat folklorchi san’atkorlar ijodidan bahramand bo‘lishingiz mumkin. Yulduzlari charaqlagan oqshomda, maftunkor kuy, dilrabo navolar - asl Sharq taronalari sizni beixtiyor “...ming bir kecha” tomon yetaklashi tabiiy.

 

Ismoil Somoniy maqbarasi:

875-999 yillarda hukmronlik qilgan somoniylar sulolasi dafn etilgan mazkur maqbara Buxoroi Sharifdagi nihoyatda shinam, go‘zal obidalar biri hisoblanadi. Hozirda u bamisoli 1000 yillar muqaddam bo‘lganidek ko‘zni qamashtiradigan ranglar jilosiga burkangan go‘zallikka ega. Mazkur obida bu azim shahardagi aniq hisob va kitoblar asosida qurilgan ilk hashamatli bino bo‘lgan. Bugungi usta-me’morlar ham imoratning o‘z davridagi sharoitlardan kelib chiqqan holda katta bir aniqlikdagi hisoblar asosida qurilganiga hamon ajablanishadi. Mustahkam qorishmalardan tayyorlangan g‘ishtlar tikka yoki to‘g‘ri burchak ostida, ba’zan esa ko‘ndalang tarzda bexato terilgan bo‘lib, quyosh nuri tushganida jilvalanishi inobatga olingan.

 

Chashma Ayub mozori:

Afsonalarga tayangan holda gapiradigan bo‘lsak, Chashma Ayub mozorotining qad rostlashi XII asrlarga borib taqaladi. Injildagi payg‘ambarlardan biri Ayub (Iov) Buxoroning sahroi kabir bu makonidan o‘tayotganida suvsizlikdan azob chekayotgan aholiga ko‘zi tushadi. Shunda u hassasini zarb ila qaqrab yotgan yerga urganida, o‘sha joydan zilol, shifobahsh zilol suv oqib chiqadi. XIV asrda Amir Temur jangovar safarlaridan qaytayotib o‘zi bilan keltirgan xorazmlik ustalarga buloq suvini asrab-avaylash maqsadida bu muqaddas joyda imorat qurishni buyuradi. Buloq ustidagi bahaybat suv tortuvchi qurulmaning tepasidagi konussimon gumbazga xorazmcha sayqal berilgani ham bejiz emas.

 

Abdulazizxon madrasasi:

Ushbu muhtasham bino XVII asrda qurilgan. Me’morning g‘oyasiga binoan, bu nafis bino go‘zallik va cheksiz hashamatning asl namunasi sifatida xizmat qilishi kerak bo‘lgan. Unda boshqalardan farqli o‘laroq, mahalliy imoratlarda ishlatilgan geometrik shakldagi milliy naqshlar o‘rniga, mashhur afsonaviy Semurg‘ qushi va ajdaho rasmlarining elementlari mohirona qo‘llanilgan. Binobarin, binoni mustahkam va tabiiy ofatlarga bardoshli qilib ko‘tarish uchun qurilish materiallarining chidamlilik darajasini oshirishga e’tibor kuchaytiriladi. Oddiy loydan tortib, kamalak rangdagi bo‘yoqlarni maxsus sinovlardan o‘tib, ishonch qozongan texnologiyalar asosidagina hozirlashga diqqa-e’tiborli bo‘lishadi. Shu bois ham oradan necha ming yillik davr o‘tsada, madrasa o‘z ohorini yo‘qotmay, saloba to‘kib turibdi.

 

Miri Arab madrasasi:

Eng mashhur obidalar yaqinida joylashgan mazkur madrasa bugungacha o‘sha davrdagi kabi Islom ilmi ihlosmandlarining eng sevimli maskanlaridan biri bo‘libqolmoqda. Shuningdek, madrasa har tmomnlama o‘lchov birliklari hamda simmetrikligi bo‘yicha keyingi yillarda barpo etilgan barcha qadamjonlar uchun o‘ziga xos namuna vazifasini o‘tagan. Bo‘lg‘usi imomlar ta’lim olishga qaratilgan mazkur madrasa sobiq Sovetlar davrida beto‘xtov faoliyat yuritgan yagona diniy ilm maskani hisoblanadi. Ayni paytda bu tabarruk obida butunlay qayta ta’mirdan chiqarilgan. Ark va gumbazlari yanada mustahkamlangan. Har yili bu yerga oq laylaklarning uchib kelib, kech kuzgacha yashashlari asrlar osha o‘zgarmay kelayotgan va so‘zsiz xalqning mehrini qozongan beg‘ubor manzaradir.

 

Magoki Attori masjidi:

Magoki Attori sir-sinoatlarga boy majmua. Bu masjid bozor yaqinida joylashgan bo‘lib, arab istilosi davrigacha bu yerda ma’bud, dori-darmonlar va shirinliklar savdosi avj olgan. Unga yaqin joyda Oy obidasi joylashgan edi. X asrda mana shu masjid o‘rniga qurilgani uchun uning nomini ham “Magoki Attori” (Chuqurdagi masjid) deb nomlashgan. O‘sha davrning o‘zida imorat chuqurroq soyda qurilgani uchun yon-tevaragida qad rostlayotgan hashamatli binolar soyasida deyarli ko‘rinmay qolgan. Mahalliy aholi uni yer osti masjidi, deb atashga ham ko‘nikib ketgan. XII asrda masjid qaytadan qurilib, unga kirish eshigi janub tomondan ochiladi. XX asrlarga kelib masjid ming yillar davomida barpo etilgan madaniy qatlam bilan qurshab olingan edi.

 

Buxoroning savdo gumbazlari:

Ular Labi Hovuz majmuasidan toki Mir Arab yodgorlik obidasiga qadar cho‘zilgan. Shayboniylar hukmronlik qilgan XVI asrda shahar Buyuk ipak yo‘lining aynan kesishgan qismida joylashgani uchun Buxoro katta ko‘chalarining chorrahalari bo‘ylab turli savdo maydonchalari faoliyat yuritgan. Bugungi kunda ham ushbu maskan o‘z tarovatini yo‘qotmagan. Unda siz Sharq milliy hunarmandchiligining zardo‘zlik, kulolchilik, temirchilik, o‘ymakorlik, to‘quvchilik kabi asl san’at namunalaridan bahramand bo‘lasiz.

 

Ark qal’asi:

Ark qal’asi ko‘p yillar muqaddam mahalliy amaldorlarining rasmiy idorasi bo‘lgan va mahalliy davlatchilik qudratining naqadar yuksak mavqeda ekanligini namoyon etib kelgan. U 16-20 metr balandlikdan iborat bo‘lib, minglagan qullarning mutlaqo qo‘l mehnati yordamida barpo etilgan. Uning maydoni 4 gektardan iborat. Buxoroliklar odatda bu qo‘rg‘onni “shahar ichidagi shahar” deya atashgan. Binobarin ushbu qo‘rg‘on ichida xuddi shahardagi kabi ko‘p qulayliklar mavjud bo‘lgan. Misol uchun katta ko‘cha, kichik boshi berk ko‘chalar, ma’muriy idora, masjid, qo‘li gul hunarmandlarning ustaxonalari, savdo do‘konlari, hammomlar, sochtaroshxonalar turg‘unlar ehtiyojlarini qondirish uchun xizmat qilgan. Bugungi kunda ham sayyohlar va ziyoratchilar qal’aning zabardast devorlari ustidan bemalol Buxoroning maqtashga arzigulik betakror qiyofasini ko‘rib, zavqlanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Shu qal’a ichida turib sayyoramizda mana shunday mo‘’jizakor joylar mavjudligini, unda bamisoli vaqt ma’lum bir lahzaga to‘xtagandek tuyulib, siz o‘zingizni o‘sha o‘tmish ko‘chalariga o‘tib qolgandek his qilasiz.