Nefrit Ko‘li
Nefrit ko‘li O‘zbekistonning eng go‘zal va mo‘’jizakor go‘shalaridan biri hisoblanadi. U Ugom-Chotqol milliy bog‘ida, 1227 metr balandlikda joylashgan noyob tabiiy suv havzasidir. Undagi suv nefrit tusida jilolanadi. «Urung‘och» uyg‘ur tilidan «yorqin nefrit», deb tarjima qilinadi. Ona tabiatning maftunkor ushbu san’at asari tog‘ tik qoyasining qulab ketishi oqibatida yuzaga kelgan damba-to‘siq (plotina) sharofati bilan hosil bo‘lgan. Nefrit ko‘li Toshkent shahridan 160 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, milliy qo‘riqxonagacha yengil transportda 2 soatlik, shuningdek, toqqa ko‘tarilish esa 1,5 soatlik yo‘ldir.
Urungach ko‘li dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan. Yirik ko‘l tiniq moviy tusda bo‘lib, bir qarashda uncha katta emasga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin, tashrif buyuruvchilarni hayratlantirgan narsa uning hajmi emas, balki katta soy suvining ko‘l chetidagi qum shag‘allar orasiga kirib, singib ketayotganidir. Xo‘sh, bu suv qayoqqa ketayapti? Yer osti daryosiga qo‘shilayaptimi yoki boshqa joydan buloq bo‘lib chiqayaptimi? Bu savollarga javob topish oson kechmaydi.
Mutaxassislar fikricha, nefrit rangdagi Urungach ko‘li Ugam-Chotqol milliy tabiat bog‘ining durdonasi hisoblanar emish. Urungachdagi quyi va yuqori ko‘llar bo‘ylab sayohat, billurdek toza suvlarni ko‘rish va nefrit rangidagi suvda aks etadigan mag‘rur qoyalar bilan tanishish imkoniyatini har qanday kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Mo‘’jiza deganlari shu bo‘lsa kerak. Yirik soy suvining yer ostiga kirib g‘oyib bo‘lishi har qanday sayyohni hayratini oshiradi. Suvning sathi bahorda bir necha marotaba ko‘payadi, yozga borib ko‘klamdagi suvning o‘ndan biri qoladi, xolos. Ona tabiatning bu tabiiy mo‘’jizasini ko‘rish har qanday qalbga zavq bag‘ishlashiga shubha yo‘q.